XALQ TA’LIMI BO’LIMI MUDIRLARIGA AVTOMASHINALAR BERILDI

Farg’ona viloyati shahar va tuman xalq ta’limi bo’limlari mudirlariga “Neksiya-3” rusumidagi xizmat avtomashinalari tantanali topshirildi. 

Yangi O’zbekiston ta’lim va ilm-fan sohasida ulkan islohotlarga kirishdi. “Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Prezident farmoni loyihasi e’lon qilinib, keng muhokama qilinmoqda. Viloyatdagi ta’lim muassasalarida, keng jamoatchilik orasida farmon loyihasining targ’iboti yo’lga qo’yildi. Shu asnoda jamoatchilik fikri o’rganildi, viloyat, shahar–tuman kengashlari sesssiyalarida muhokama qilinib, loyiha bo’yicha takliflar jamlandi. Ayni kunlarda o’qituvchining jamiyatdagi maqomini oshirish, ta’lim muassasalaridagi sharoitlarni yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabilarga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Davlatimiz rahbari O’qituvchi va murabbiylar kuniga bag’ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bugungi kunda tuman va shahar xalq ta’limi bo’limi mudirlarining tizimdagi o’rni sezilmayotganligini tanqid qildi va aniq vazifalarni belgilab berdi. Ularga hokimning ta’lim va tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchisi va bir qator vakolatlar berilishi kutilmoqda. 

Hokimliklar ma’muriy binosidan xizmat xonalari ajratilib, hozirgi kunda zarur mebellar va boshqa jihozlar bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, viloyat hokimining 2020 yil 26 oktyabrdagi “Farg’ona viloyatida ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori va “Yo’l xaritasi” tasdiqlandi. 

Xalq ta’limi hududiy bo’limlarining xizmat avtomashinalari bilan ta’minlangani bu boradagi ishlarning amaliy ifodasidir. 

Tadbirda Farg’ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov ishtirok etib, shahar-tuman xalq ta’limi bo’limi mudirlariga avtomashina kalitlarini topshirdi. 

– O’qituvchi va pedagoglar jamiyatimizning ibratli, ilg’or vakillaridir, -dedi viloyat rahbari. – Ayniqsa, xalq ta’limi tizimi yoshlarimizni ta’lim-tarbiyasida katta o’rin tutadi. Biz maktablardagi muammolarni albatta, bosqichma-bosqich hal qilamiz. Sizlar esa yangi Renessans poydevorini yaratishda kamarbasta bo’lib, buyuk ajdodlarga munosib vorislarni tarbiyalashga hissa qo’shasiz. Viloyat hokimligi barcha masalada ta’lim sohasi xodimlariga yordam berish va qo’llab-quvvatlashga tayyor.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Skip to content