Viloyat tarixi

Fargʻona viloyati Oʻzbekistonning qadimgi madaniyat oʻchoqlaridan biri. Viloyat hududida topilgan tosh davri manzilgohlari va qoyatoshlariga solingan sur’atlar vodiyda odamlar eng qadimgi davrlardan beri yashab kelganliklaridan darak beradi. Fargʻona viloyatining tosh davri yodgorliklarini 1954-yil A.P.Okladnikov rahbarligidagi arxeologiya otryadi oʻrgangan.

Vodiyning sharqiy qismidagi Qayroqqum, Xoʻjagʻor va Uchqoʻrgʻon makonlaridan mustye davriga oid tosh qurollar topildi. Vodiyning gʻarbiy qismidagi qadimgi tosh davri madaniyatiga oid manzilgohlar mustye davridagi Qalʼacha, Jarqoʻton va Qapchigʻay tosh qurollar ishlash ustaxonalari topilib, oʻrganildi. 1958-yil birinchi marta Markaziy Fargʻonadan mezolit davriga oid mikrolit tosh qurollari topildi. Shuningdek, Markaziy Fargʻonadagi Uzunkoʻl va Tayloqkoʻl atroflaridan mezolit va neolit davrlariga oid 24 ta manzilgoh borligi aniqlandi (1965). Soʻx vohasidagi 28 gʻor va ungurlar (Selungur, Eshma, Obishir, Sur, Bel, Zim, Ovikambar, Bogʻishim va boshqalar) roʻyxatga olindi. Obishir gʻorlaridagi madaniy qatlam yaxshi saqlangan. Gʻorlarni qazish jarayonida mezolit davriga oid tosh qurollar, hayvon suyaklari topilgan. Bular oʻsha davr turmushini oʻrganish imkonini beradi.

1967 va 1969—1970 yillarda Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyi xodimlari mezolit va neolit davrlariga oid 35 ta manzilgoh topdilar. Fargʻona viloyatining arxeologik yodgorliklarini oʻrganishda Katta Fargʻona kanalining qazilishi muhim ahamiyatga ega boʻldi. Kanalni qazish jarayonida jez davri, quldorlik va zamindorlik jamiyatlariga oid yodgorliklar topildi va tekshirildi. Quva va Toshloq tumanlari oʻrtasidagi Akbarobod qishlogʻida jez davriga oid manzilgoh, Margʻilonsoyning chap sohilida Oqtom qabristoni boʻlganligi aniqlandi. Fargʻona viloyatining Quva tumanida quldorlik davriga oid Taxyontepa, Fargʻona shahrida Simtepa (Chimtepa) kabi yodgorliklar topib oʻrganilgan. Ayniqsa, Quva shahridagi miloddan avvalgi 5-asr va oʻrta asr boshlariga oid topilmalar yaxshi tekshirilgan. 10—11-asrlarga doir tarixiy manbalarda bu shahar obodligi va kattaligi jihatidan vodiyda Axsikatdan soʻng eng yirik shahar deb qayd qilingan. Arxeologik materiallar Margʻilon shahri 10-asrda katta qishloq boʻlib, 11 — 12-asrlarda shaharga aylanganligini, Rishton esa 10-asrda katta shahar boʻlsa ham, 11—12 asrlarga kelib qishloq qiyofasiga kirib qolganligini isbotlaydi. Oʻtroq dehqonchilikchorvachilik bilan shugʻullangan Chust madaniyatiga oid manzilgohlardan topilgan yodgorliklar Fargʻona vodiysini oʻrganishda muhimdir. U yerda ishlab chiqarish kuchlari va xoʻjalikning taraqqiyoti jez davrining oxirida dehqonchilik qabilalarining ijtimoiy tuzumida oʻzgarish yuz berishiga, natijada ibtidoiy tartiblar tugab jamiyatdagi tabaqalanishga olib kelgan. Roʻzgʻor anjomlarida xususiy mulkchilik kurtaklari koʻzga tashlanadi. Arxeologik tekshirishlar natijasi Fargʻona viloyatida qadimdan odamlar yashab, ovchilik, dehqonchilik, chorvachilik bilan shugʻullanganligidan, kishilik jamiyatining keyingi bosqichlarida esa madaniyat rivojlana boshlaganligidan dalolat beradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Skip to content