SUBSIDIYA KIMGA, NIMA UCHUN BERILADI?

SUBSIDIYA KIMGA, NIMA UCHUN BERILADI?

Subsidiyalar – daromadi yuqori bо‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishlari uchun boshlang‘ich badal yoki kredit foiz tо‘lovlarining bir qismini qoplab berish maqsadida davlat byudjetidan tо‘lanadigan va qaytarib berilmaydigan mablag‘dir.

Subsidiya olish uchun arizani davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali elektron tarzda berish mumkin.

Subsidiyalar faqatgina kam daromadli, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bо‘lgan oilalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa О‘zbekiston fuqarolariga ajratiladi.

Uni olish uchun fuqaro 18 yoshga tо‘lgan bо‘lishi kerak. Mehnat migrantlarining nomidan oila a’zolari ham ariza berishi mumkin.

Subsidiya olish uchun ariza topshirgan har bir talabgorga pul mablag‘i beriladi, degani emas. Buning uchun bir qator talab va holatlarga javob berish lozim. Avvalambor, mas’ul organlar vakillaridan shakllantirilgan maxsus komissiya ariza beruvchilarga ijtimoiy mezonlar bо‘yicha ball beradi.

Taqdim etilgan hujjatlar haqqoniyligi  mas’ul organlar tomonidan tekshiriladi.

Ijtimoiy mezonlar esa uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarni aniqlashga xizmat qiladi. Ball tо‘plash uchun mezonlarda talabgor va uning oilasi daromadi (shahar va qishloq joylari uchun alohida kо‘rsatkichlar belgilangan), turar joy maqomi (ijara yoki shaxsiy mulk), ijtimoiy himoyaga muhtoj bо‘lganlar (mehnat migrantlari, yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bо‘lgan bolalar, yolg‘iz ayollar va hokazo), shuningdek, oilada nogironligi mavjud bо‘lgan shaxslar alohida inobatga olinadi.

Joriy yil 11 martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan mazkur tizim yanada takomillashtirildi.

Endilikda 2021 yil 1 iyundan boshlab subsidiyalar tо‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinadi. Unga muvofiq:

fuqarolar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar yil davomida topshiriladi;

subsidiya olish uchun murojaat  qilgan ariza beruvchining daromadlariga  u bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin;

ariza beruvchidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali olish mumkin bо‘lgan hujjatlarni (ma’lumotlarni) talab qilish man etiladi.

Farg‘onada 2021 yilda “Qishloq qurilishi invest” MCHJ Farg‘ona viloyati filiali ishtirokida qishloq joylarda 860 ta kvartiradan iborat bо‘lgan qо‘p qavatli arzon uy-joylar quriladi.

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bо‘lgan fuqarolar, shu jumladan xotin-qizlarni ijara huquqi asosida vaqtinchalik joylashtirish uchun 85 ta kvartira  hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun kо‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan sotib olinadi.

2400 ta kvartiralar va yakka tartibdagi uy-joylar olish uchun ipoteka kreditlari ajratiladi.

-Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj oilalarni ijtimoiy-moliyaviy qо‘llab-quvvatlash, shuningdek xususiy pudrat tashkilotlarini uy-joy qurilishi sohasiga keng jalb etishga qaratilgan viloyat hokimining             2021 yil 17 martdagi 104-sonli qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, viloyatimizda joriy yil mobaynida 1790 ta, shundan shaharlarda 590 ta, qishloq joylarda 900 ta kvartiralar, shuningdek, 300 ta yakka tartibdagi uy-joylar uchun ipoteka krediti bо‘yicha dastlabki badal va foiz tо‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratilishi kо‘zda tutilgan. Bunda subsidiya asosida olinadigan kvartira maydonining eng kо‘p meyori 70 kv.metrni, uy qiymatining eng kо‘p miqdori esa 363 mln. sо‘mni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, boshlang‘ich badal uchun subsidiyaning eng kо‘p miqdori 10 foiz -36 mln. 400 ming sо‘m etib belgilangan. Viloyatda 2020 yilda subsidiya asosida uy-joy sotib olish uchun kelib tushgan jami 4978 ta arizaning 1219 tasiga ijobiy xulosa berilgan, 3372 ta ariza xududiy komissiyalar tomonidan rad etilgan, 387 tasi esa davlat xizmatlari agentligi bо‘limlari tomonidan bekor qilingan. Joriy yilning 26 mart sanasiga qadar 558 ta yangi murojaatlar qayd etildi.

2020 yil yakuniga qadar subsidiya olish uchun ijobiy xabarnoma olgan   230 nafar fuqaroga uy-joy uchun jami 5 mlrd. 986 mln. 367 ming sо‘m subsidiya mablag‘lari ajratib berilgan. Fuqarolarga 55 ta Farg‘ona shahri, 14 ta Marg‘ilon shahri, 5 ta Qо‘qon shahri, shuningdek, 6 ta Rishton, 9 ta Oltiariq,               2 tadan Buvayda va О‘zbekiston tumanlarida qurilgan yangi uylar uchun subsidiya mablag‘lari tо‘lab berilgan.

Joylarda yangi uylar qurilishining yakuniga yetkazilmaganligi yoki tegishli kadastr hujjatlari tayyor bо‘lmaganligi, boshlang‘ich tо‘lovning subsidiyadan tashqari qismini qoplashga yetarli mablag‘ jamg‘armaganligi sababli fuqarolarga tegishli subsidiya mablag‘lari ajratilmay kelinmoqda.

О‘tgan yili ijobiy xabarnoma olgan fuqarolarga subsidiya berilishi muddati 2021 yilning 1 iyuliga qadar uzaytirilgan. Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 martdagi farmoniga kо‘ra, uy-joy sotib olish uchun subsidiya taqdim etish tо‘g‘risidagi xabarnoma ular berilgan vaqtdan boshlab 12 oy davomida amal qiladi. Mazkur subsidiyalar qishloq joylarda dastlabki badalning bir qismini tо‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash va birinchi besh yil davomida ipoteka krediti bо‘yicha foiz tо‘lovlari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun – 10 foizlik punktdan oshgan qismiga, shaharlarda – dastlabki badalning bir qismini tо‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida va birinchi besh yil davomida kredit bо‘yicha foizlarni qoplash uchun ajratiladi.

Banklar tomonidan 435 nafar fuqarolarga subsidiya asosida ipoteka kreditlari olish uchun ijobiy xulosa berilgan bо‘lib, ayni paytga qadar                210 nafar fuqarolarga subsidiya mablag‘lari ajratildi. Qolgan fuqarolarning qо‘lida subsidiya olishni kafolotlovchi xabarnomasi bо‘lsa ham, tegishli sabablarga kо‘ra, bankka qayta murojaat qilishni kechiktirishmoqda. Markazga yil boshidan 25 mart sanasiga qadar uy-joy uchun ipoteka krediti sо‘rab, murojaat qilgan fuqarolar 220 nafardan oshdi.  

Ta’kidlash kerakki, subsidiya -davlatimizning xalqparvarlik siyosati, odamlarning turmush sharoitini yaxshilash, ularni uy-joy bilan ta’minlanishini qо‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi. U orqali kam daromadli, uy-joyga muhtoj, og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, mamlakatimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa aholi qatlamlariga katta kо‘mak beriladi.

Uy-joy qurilish, urbanizatsiya va

hududlarni arhitektura jihatdan

rivojlantirish bо‘limi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Skip to content