Prezident Farg‘ona viloyatiga tashrifini Oltiariqdagi uzumchilik kooperatsiyasidan boshladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 fevral kuni Farg‘ona viloyatiga keldi.

Birinchi manzil – Oltiariq tumanidagi «Fayzli bog‘lar sari» uzumchilik kooperatsiyasi bo‘lgan.

«Oltiariqliklar dehqonchiligi, omilkorligi bilan tanilgan. Ularga yer berilsa, o‘zini ham, elini ham boy qiladi. Lekin, boshqa mahsulotlarga nisbatan daromadi kamligiga qaramay, bu tumanda ham paxta va g‘alla ko‘p ekilar edi. Davlatimiz rahbarining qishloq xo‘jaligini tarkibiy o‘zgartirish, bozorbop ekinlar ekishga qaratilgan siyosati qo‘li gul dehqonlar va yoshlarga katta imkoniyat ochdi.

Prezident kelgan kooperatsiyaning 6 gektarlik tokzori o‘rnida ilgari paxtadan 20, g‘alladan 25 sentner hosil olinar edi. O‘tgan yili bu yerda bog‘ yaratilib, «husayni», «kelin barmoq», «rizamat» navli uzum ko‘chatlari ekilgan. Qator oralarida pomidor, bodring, ko‘katlar, qalampir va boshqa sabzavotlar yetishtirilmoqda. Tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan.

Eng muhimi, bu maydon 51 nafar yoshga, jumladan, xorijdan qaytib kelgan mehnat muhojirlariga ajratib berilgan. Ular plyonka ostiga sabzavotlar ekib, to‘rt martagacha hosil olishi mumkinligini aytishdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

«Har bir yoshni ota-onasi qanday qayg‘ursa, men ham shunday qayg‘uraman. Yoshlarni tezroq ish bilan ta’minlash uchun katta imkoniyatlarimizdan biri hozircha shu. Hayotda o‘rnini topgan insonda o‘ziga ishonch, intilish paydo bo‘ladi. Bugun yoshlarga daromad manbai yaratib, ish o‘rgatib, tetapoya qilsak, 2-3 yildan keyin hech kimga qaram bo‘lmaydi – bankda hisob-raqami bo‘ladi, uy oladi, yaxshi yashaydi, bolalarini yaxshi tarbiyalaydi», dedi Shavkat Mirziyoyev ular bilan suhbatda.

Prezident yoshlarga o‘qib-o‘rganib, faoliyatini yaxshilash bo‘yicha maslahatlar berdi.

«Hayot – kurash, raqobat. Bu kurashda kim kuchli bo‘ladi? Aqlli, bilimli, mehnat qilgan. Bugun yoshlar davlatimizning e’tiborini his etishi, ko‘p o‘qib, kun sayin bilimini oshirib, rivojlanishda davom etishi kerak», dedi davlat rahbari.

Yerlarni ajratib berish orqali Farg‘ona viloyatida 200 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

«Fayzli bog‘lar sari» uzumchilik kooperatsiyasining umumiy yer maydoni qariyb 130 gektar. Shundan 40 gektar maydonda tokzor, 90 gektar maydonda intensiv bog‘ barpo etilgan. 2 ming tonna sig‘imli muzlatkichli ombor, yuk mashinalari bor. Yetishtirilgan mahsulotlarning katta qismini eksport qilish rejalashtirilgan.

Shu yerda Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Skip to content